Arz qilingan talabning mazmuni boʻyicha sud buyrugʻi ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran uch kun ichida sudya tomonidan beriladi. Sud buyrugʻi sudya tomonidan undiruvchi va qarzdorni sudga chaqirmasdan, ularning tushuntirishlarini eshitmasdan yakka tartibda, sud muhokamasisiz beriladi. Sud buyrugʻi sudya tomonidan imzolanadi. Agar belgilangan muddatda qarzdordan sudga eʼtiroz kelib tushmasa, sudya undiruvchiga sudning muhri bilan tasdiqlangan buyruq koʻchirma nusxasini ijroga taqdim etish uchun beradi. Undiruvchining iltimosiga koʻra sud buyrugʻi ijro etish uchun bevosita sud tomonidan yuborilishi mumkin. Qarzdordan davlat bojini undirish uchun sudning muhri bilan tasdiqlangan sud buyrugʻining alohida nusxasi bevosita sud tomonidan ijro etish uchun yuboriladi.