Fuqarolik protsessual kodeksi 178-modda. Sud buyrugʻining mazmuni

Sud buyrugʻida quyidagilar koʻrsatiladi: 1) ishning raqami va buyruq berilgan sana; 2) sudning nomi, buyruq bergan sudyaning familiyasi, ismi va otasining ismi; 3) undiruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili); 4) qarzdorning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili), qarzdor jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan jismoniy shaxslar shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning rekvizitlari), shuningdek qarzdor yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami; 5) talabni qanoatlantirish uchun asos boʻlgan qonun; 6) undirilishi lozim boʻlgan pul summalarining miqdori yoki undiruv qaratilayotgan, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan koʻchar mol-mulk, uning tavsifi va bahosi; 7) undirilayotgan qarzdorlik vujudga kelgan davr; 8) neustoyka miqdori, agar uning undirilishi qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa; 9) qarzdordan undirilishi kerak boʻlgan davlat bojining summasi; 10) arz qilingan talabga qarshi qarzdor tomonidan eʼtiroz taqdim etish muddati va tartibi. Voyaga yetmagan bolalar uchun alimentlar undirish toʻgʻrisidagi sud buyrugʻida ushbu moddaning 1 — 5 , 9 , 10-bandlarida nazarda tutilgan maʼlumotlardan tashqari quyidagilar koʻrsatiladi: qarzdorning tugʻilgan sanasi va joyi, taʼminoti uchun aliment undirilishi lozim boʻlgan har bir bolaning ismi va tugʻilgan sanasi, qarzdordan har oyda undiriladigan toʻlovlar miqdori hamda ularni undirish muddati. Sud buyrugʻining yozuvidagi xatolarni va ochiq koʻrinib turgan arifmetik xatolarni tuzatish sudning tashabbusi yoxud undiruvchining yoki qarzdorning arizasi boʻyicha ushbu buyruq qanday tartibda berilgan boʻlsa, shunday tartibda sudning ajrimi asosida amalga oshiriladi.