Qarzdor arz qilingan talabga qarshi eʼtirozlarini buyruqni bergan sudga sud buyrugʻining koʻchirma nusxasini olgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda, huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud buyrugʻi qabul qilingan shaxslar esa sud buyrugʻi qabul qilinganligi ularga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda yuborishga haqli. Bunday holda sudya sud buyrugʻini bekor qilib, bu haqda ajrim chiqaradi. Sud buyrugʻini bekor qilish toʻgʻrisidagi ajrimda sudya undiruvchi bildirgan talab daʼvo ishini yuritish tartibida taqdim etilishi mumkinligini tushuntiradi. Sud buyrugʻini bekor qilish toʻgʻrisidagi ajrimning koʻchirma nusxasi ajrim berilganidan keyin uch kundan kechiktirmay undiruvchiga va qarzdorga imzo qoʻydirib topshiriladi yoki ularga pochta orqali yoxud elektron hujjat tarzida yuboriladi. Alimentlar undirish toʻgʻrisidagi sud buyrugʻi ijro ishini yuritish boʻyicha undiruv tugaguniga qadar undiruvchining arizasiga koʻra bekor qilinishi mumkin. Sud buyrugʻini bekor qilishni rad etish toʻgʻrisidagi sud ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.
2-kichik boʻlim. Daʼvo ishini yuritish