Fuqarolik protsessual kodeksi 184-modda. Ishga tiklash toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha uchinchi shaxslarni jalb qilish

Mehnat shartnomasi gʻayriqonuniy ravishda bekor qilingan xodimlarni yoki gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazilgan xodimlarni ilgarigi ishiga tiklash toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud mehnat shartnomasini bekor qilishga yoki boshqa ishga oʻtkazishga farmoyish bergan mansabdor shaxsni uchinchi shaxs sifatida javobgar tarafida ishda ishtirok etish uchun oʻz tashabbusi bilan jalb qilishi shart. Sud mehnat shartnomasining bekor qilinishi yoki boshqa ishga oʻtkazish ochiqdan-ochiq qonunni buzgan holda amalga oshirilganligini aniqlasa, shu protsessning oʻzidayoq aybdor mansabdor shaxs zimmasiga majburiy progul yoki kam haq toʻlanadigan ish bajarilgan vaqt uchun haq toʻlash sababli tashkilotga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash majburiyatini yuklatadi. Bunday hollarda mansabdor shaxsdan undiriladigan summalarning miqdori mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan belgilanadi.