Fuqarolik protsessual kodeksi 189-modda. Arizaning mazmuni

Arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) ariza berilayotgan sudning nomi; 2) daʼvogarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, agar daʼvogar tashkilot boʻlsa, uning nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) hamda rekvizitlari, shuningdek, agar ariza vakil tomonidan berilayotgan boʻlsa, vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi va manzili; 3) javobgarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, agar javobgar tashkilot boʻlsa, uning nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) hamda rekvizitlari; 4) daʼvogarning talabi; 5) agar daʼvo baholanishi kerak boʻlsa, daʼvoning bahosi; 6) daʼvogar oʻz talabiga asos qilib koʻrsatayotgan holatlar va daʼvogar tomonidan bayon qilingan holatlarni tasdiqlovchi dalillar; 7) javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, basharti bu qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa; 8) arizaga ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati. Ariza daʼvogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar ariza vakil tomonidan berilgan boʻlsa, arizaga ishonchnoma yoki vakilning vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi kerak. Boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qilish maqsadida prokuror, davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar yoki ayrim fuqarolar tomonidan beriladigan arizada ushbu moddada sanab oʻtilgan maʼlumotlardan tashqari ariza kimning manfaatini koʻzlab berilgan boʻlsa, oʻsha shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi) hamda manzili koʻrsatilishi kerak. Arizada daʼvogarni yoki uning vakilining, shuningdek boshqa tarafning telefonlari va fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Arizada elektron manzili koʻrsatilganligi arizachining sud chaqiruv qogʻozlarini va boshqa xabarnomalarni, sud hal qiluv qarorlarining hamda ajrimlarining koʻchirma nusxalarini elektron hujjat tarzida olishga boʻlgan roziligidir.