Fuqarolik protsessual kodeksi 195-modda. Arizani qaytarish

Sudya arizani va unga ilova qilingan hujjatlarni quyidagi hollarda qaytaradi, agar: 1) ariza muomalaga layoqatsiz shaxs tomonidan berilgan boʻlsa; 2) manfaatdor shaxs nomidan berilgan ariza ish yuritish vakolatiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan berilgan boʻlsa; 3) ish mazkur sudning sudloviga tegishli boʻlmasa; 4) ariza ushbu Kodeksning 189-moddasida belgilangan talablarga rioya etilmagan holda berilgan boʻlsa; 4¹ ) daʼvogar (arizachi) sudyaning ushbu Kodeks 192-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan koʻrsatmasini belgilangan muddatda bajarmagan boʻlsa; 5) bitta arizada bir yoki bir nechta javobgarga nisbatan bir nechta talab birlashtirilgan boʻlsa, basharti bu talablar oʻzaro bogʻliq boʻlmasa; 6) ish yuritishga qabul qilish va ishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisida ajrim chiqarilguniga qadar arizachidan arizani qaytarish haqida ariza kelib tushgan boʻlsa; 7) davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmagan boʻlsa, davlat bojini toʻlashni kechiktirish mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda esa bu haqda iltimosnoma mavjud boʻlmasa yoki iltimosnoma rad etilgan boʻlsa; 8) mol-mulkni (ashyoni) egasiz deb topish toʻgʻrisidagi ariza qonunda belgilangan muddatdan oldin yoki qonunda nazarda tutilgan mol-mulkni (ashyoni) aniqlash va hisobga olish tartibi buzib berilgan boʻlsa; 9) daʼvogar nizoni javobgar bilan mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish orqali hal qilish tartibiga rioya etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmagan boʻlsa, basharti bu mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa. Arizani qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan deb hisoblanadi. Arizaning qaytarilishi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin sudga umumiy tartibda takroran murojaat qilishga toʻsqinlik qilmaydi.