Fuqarolik protsessual kodeksi 203-modda. Ishni tayyorlash tartibida taraflarni soʻroq qilish

Zarur boʻlgan hollarda, ishni sud muhokamasiga tayyorlash tartibida sudya taraflarni soʻroq qilishi mumkin. Bunda sudya: 1) daʼvogarni oʻzi arz qilingan talablarning mohiyati boʻyicha soʻroq qiladi, undan javobgar bildirishi mumkin boʻlgan eʼtirozlarni aniqlaydi va, agar bu zarur boʻlsa, daʼvogarga qoʻshimcha dalillar taqdim etishni taklif qiladi, shuningdek arz qilingan talablaridan voz kechish huquqini hamda voz kechishning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi; 2) ishning holatlari boʻyicha javobgarni soʻroq qiladi, daʼvogarning talabiga qarshi uning qanday eʼtirozlari borligini va bu eʼtirozlar qanday dalillar bilan tasdiqlanishi mumkinligini aniqlaydi, shuningdek javobgarga daʼvogarning talablarini tan olish yoxud qarshi talablar qoʻzgʻatish huquqini tushuntiradi, alohida murakkab ishlar boʻyicha esa, javobgarga ish yuzasidan yozma tushuntirishlar taqdim etishni taklif qiladi. Javobgar sud majlisiga kelmagan taqdirda uning tomonidan yozma tushuntirishlar va dalillar taqdim etilmaganligi ishni ishdagi mavjud dalillar boʻyicha koʻrish uchun toʻsqinlik qilmaydi; 3) taraflardan kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish ehtimolini aniqlaydi va ularning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi.