Fuqarolik protsessual kodeksi 211-modda. Sud majlisida raislik qiluvchi

Sud majlisida shu sudning raisi, uning oʻrinbosari yoki sudya raislik qiladi. Sud majlisida raislik qiluvchi (bundan buyon matnda raislik qiluvchi deb yuritiladi) sud majlisini boshqarib, ishning barcha holatlari, taraflarning huquq va majburiyatlari toʻliq, har tomonlama va xolisona aniqlanishini, sud protsessining tarbiyaviy taʼsirini taʼminlaydi, koʻrilayotgan ishga aloqasi boʻlmagan hamma narsani sud muhokamasidan chetlatadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslardan, guvohlardan, ekspertlardan, mutaxassislardan, tarjimonlardan birortasi raislik qiluvchining xatti-harakatlariga eʼtiroz bildirgan taqdirda, bu eʼtirozlar sud majlisining bayonnomasiga kiritiladi va masala sud tomonidan hal qilinadi. Raislik qiluvchi sud majlisida tegishli tartibni taʼminlash uchun zarur choralar koʻradi.