Raislik qiluvchi oʻn olti yoshga toʻlmagan guvohlarga ish boʻyicha oʻzlari bilgan barcha maʼlumotlarni roʻy-rost aytib berishi shart ekanligini tushuntiradi, biroq ular bila turib yolgʻon koʻrsatuv berganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilmaydi. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan guvohlarni soʻroq qilishda, sud lozim topgan taqdirda esa oʻn toʻrt yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan guvohlarni soʻroq qilishda ham mutaxassis (pedagog) va, zarur boʻlgan taqdirda, ularning ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar, ularning vasiylari va homiylari chaqiriladi. Mazkur shaxslar raislik qiluvchining ruxsati bilan guvohga savollar berishi mumkin. Alohida hollarda, oʻn olti yoshga toʻlmagan guvohni soʻroq qilish vaqtiga ishda ishtirok etuvchi u yoki bu shaxs sudning ajrimi bilan sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi mumkin. Bu shaxs majlis zaliga qaytib kirganidan keyin unga voyaga yetmagan guvohning koʻrsatuvlari oʻqib eshittirilishi va guvohga savollar berish imkoniyati taqdim etilishi kerak. Oʻn olti yoshga toʻlmagan guvoh soʻroq qilib boʻlingach, sud majlisi zalidan chiqarib yuboriladi, bundan sud bu guvohning majlis zalida boʻlishini zarur deb topgan hollar mustasno.