Fuqarolik protsessual kodeksi 239-modda. Dalillarni joyida koʻzdan kechirish

Sudga olib kelish mumkin boʻlmagan ashyoviy, yozma va raqamli dalillar turgan joyida koʻzdan kechiriladi va tekshiriladi. Koʻzdan kechirishni joyida oʻtkazish toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi. Dalillarni joyida koʻzdan kechirish sudning butun tarkibi tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilgan, zarur hollarda esa ekspertlar, mutaxassislar va guvohlarni chaqirgan holda amalga oshiriladi. Raislik qiluvchi koʻzdan kechirish joyiga yetib borgach, sud muhokamasi davom ettirilishi toʻgʻrisida eʼlon qiladi, sud muhokamasi ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha olib boriladi. Koʻzdan kechirish natijalari sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi. Bayonnomaga koʻzdan kechirish paytida tuzilgan yoki tekshirilgan barcha rejalar, chizmalar, suratlar, hisob-kitoblar, hujjatlarning koʻzdan kechirish vaqtida olingan koʻchirma nusxalari, ashyoviy, yozma va raqamli dalillarning videoyozuvlari, fotosuratlari, shuningdek ekspert xulosasi va mutaxassis maslahati ilova qilinishi mumkin.