Fuqarolik protsessual kodeksi 263-modda. Hal qiluv qarorini tushuntirish

Hal qiluv qarori noaniq boʻlsa, ishni hal qilgan sud oʻz tashabbusiga yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga, shuningdek hal qiluv qarorini ijro etish zimmasiga yuklatilgan organlar va davlat ijrochisining arizasiga koʻra hal qiluv qarorini uning mazmunini oʻzgartirmagan holda tushuntirishga haqli. Agar hal qiluv qarori ijro etilmagan va uni majburiy ijro ettirish mumkin boʻlgan muddat oʻtmagan boʻlsa, hal qiluv qarorini tushuntirishga yoʻl qoʻyiladi. Hal qiluv qarorini tushuntirish toʻgʻrisidagi masala ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda sud majlisida koʻrib chiqiladi. Biroq, bu shaxslarning sudga kelmaganligi hal qiluv qarorini tushuntirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Sud hal qiluv qarorini tushuntirish toʻgʻrisidagi arizani u kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda koʻrib chiqadi. Hal qiluv qarorini tushuntirish toʻgʻrisidagi arizani koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi. Hal qiluv qarorini tushuntirish toʻgʻrisidagi sudning ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.