Bayonnoma sud majlisi kotibi tomonidan sud majlisining oʻzida yoki sud majlisi zalidan tashqarida alohida protsessual harakat bajarilganida yuritiladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻzlari ish uchun ahamiyatga ega deb hisoblangan holatlarni bayonnomaga kiritish toʻgʻrisida iltimosnomalar berishga haqli. Taraflarning, uchinchi shaxslarning oʻzlari qoʻygan talablardan butunlay yoki qisman voz kechganligi haqidagi, qoʻyilgan talablarni tan olishi, ishni kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv bilan tamomlash toʻgʻrisidagi arizalari bayonnomaga kiritiladi. Bayonnoma sud majlisi tamom boʻlganidan yoki alohida protsessual harakat amalga oshirilganidan keyin kechi bilan uch kunda raislik qiluvchi va sud majlisining kotibi tomonidan imzolanishi kerak. Kiritilgan barcha oʻzgarishlar, tuzatishlar, qoʻshimchalar bayonnomada izohlanishi kerak.