Fuqarolik protsessual kodeksi 358-3-modda. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish tartibi

Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga binoan sudya tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Sud mediativ kelishuv tuzgan taraflarni sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi. Sud majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi ishni koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Sud ishni sud majlisida koʻrib chiqayotganda mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni rad etish uchun ushbu Kodeksning 358⁴-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjudligini yoki mavjud emasligini bildirilgan talablar va mediativ kelishuvda belgilangan majburiyatlar toʻliq bajarilganligini yoxud bajarilmaganligini aniqlaydi. Sud arizani sud majlisida koʻrib chiqayotganda mediativ kelishuvni tuzishga sabab boʻlgan nizoni mazmunan koʻrib chiqishga haqli emas.