Fuqarolik protsessual kodeksi 366-modda. Chet davlat sudining yoki chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish hamda ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuni

Chet davlat sudining yoki chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish hamda ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ariza yozma shaklda beriladi va undiruvchi yoki uning vakili tomonidan imzolangan boʻlishi kerak. Arizada quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: 1) ariza berilayotgan sudning nomi; 2) chet davlat sudining yoki chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) nomi va joylashgan yeri; 3) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), yashash joyi yoki turgan joyi (pochta manzili), shuningdek, agar ariza vakil tomonidan berilayotgan boʻlsa, vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi; 4) undiruvchi eʼtirof etilishini va ijro etilishini iltimos qilayotgan chet davlat sudining yoki chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarori haqidagi maʼlumotlar; 5) chet davlat sudining yoki chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish hamda ijroga qaratish toʻgʻrisida undiruvchining iltimosnomasi; 6) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati. Arizada undiruvchining yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron pochta manzili koʻrsatilgan boʻlishi mumkin. Ariza undiruvchilarning soniga qarab koʻchirma nusxalari bilan birga sudga beriladi, bundan elektron hujjat tarzida yuboriladigan ariza mustasno.