Chet davlat sudining yoki chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizaga, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, quyidagi hujjatlar ilova qilinadi: 1) chet davlat sudining yoki chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) undiruvchi tan olinishi va ijroga qaratilishini iltimos qilayotgan hal qiluv qarorining chet davlat yoki Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxasi; 2) hal qiluv qarorining qonuniy kuchga kirganligi toʻgʻrisidagi rasmiy hujjat, agar bu qaror matnining oʻzidan kelib chiqmasa; 3) hal qiluv qarori ilgari tegishli chet davlat hududida ijro etilgan boʻlsa, uning ijro etilganligi toʻgʻrisidagi hujjat; 4) hal qiluv qarori oʻz zarariga chiqarilgan va protsessda ishtirok etmagan taraf ishni koʻrib chiqish vaqti va joyi toʻgʻrisida oʻz vaqtida hamda tegishli tarzda xabardor qilinganligiga oid hujjat; 5) vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma yoki boshqa hujjat; 6) agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida davlat bojini va pochta xarajatlarini toʻlashdan ozod qilish nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat. 7) mazkur moddaning 1 — 5-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlarning, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat tiliga qilingan, belgilangan tartibda tasdiqlangan tarjimasi.