Protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi ishning notoʻgʻri hal etilishiga sabab boʻlgan yoki sabab boʻlishi mumkin boʻlgan taqdirdagina sudning hal qiluv qarorini, ajrimini, qarorini bekor qilinishiga asos boʻladi. Agar: 1) ish sud tomonidan gʻayriqonuniy tarkibda yoki taalluqlilik toʻgʻrisidagi qoidalar buzilgan holda koʻrilgan boʻlsa; 2) ish sud tomonidan sud muhokamasida ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan, ammo sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinmagan shaxslardan biror-biri yoʻqligida koʻrilgan boʻlsa; 3) ish koʻrilayotganida sud ishlari yuritiladigan tilga doir qoidalar buzilgan boʻlsa; 4) sud ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisidagi masalani hal qilgan boʻlsa; 5) sudning hal qiluv qarorini, ajrimini, qarorini chiqarishda sud maslahatining sir saqlanishiga doir qoidalar buzilgan boʻlsa; 6) hal qiluv qarori, ajrim, qaror ishni koʻrgan va hal qilgan sudyalardan (sudyadan) boshqa sudyalar (sudya) tomonidan imzolangan boʻlsa; 7) sud majlisi bayonnomasi imzolanmagan boʻlsa, sudning hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ham bekor qilinishi mumkin.