Fuqarolik protsessual kodeksi 383-modda. Apellyatsiya shikoyati (protesti) berish huquqi

Taraflar va ishda ishtirok etishga jalb qilingan boshqa shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil sudning qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilishi mumkin, bundan tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizolar mustasno. Prokuror, yuqori turuvchi prokuror prokurorning ishtirokida koʻrilgan ish boʻyicha yoki qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan boʻlib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan koʻrilgan ish boʻyicha, shuningdek ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning murojaati mavjud boʻlgan taqdirda birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan sud hujjati ustidan apellyatsiya protesti keltirishga haqli.