Fuqarolik protsessual kodeksi 389-5-modda. Apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish

Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni quyidagi hollarda tugatadi, agar: 1) apellyatsiya shikoyati (protesti) ushbu Kodeksga muvofiq shikoyat qilinmaydigan (protest keltirilmaydigan) sud hujjati ustidan berilgan va u ish yuritishga xatoga yoʻl qoʻyilib qabul qilingan boʻlsa; 2) apellyatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjati ustidan berilgan va u ish yuritishga xatoga yoʻl qoʻyilib qabul qilingan boʻlsa; 3) apellyatsiya shikoyati (protesti) sud hujjati ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan berilgan boʻlsa; 4) apellyatsiya shikoyatidan voz kechish toʻgʻrisidagi ariza apellyatsiya shikoyatini bergan shaxsdan apellyatsiya shikoyati ish yuritishga qabul qilinganidan keyin kelib tushgan boʻlsa; 5) protestni chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza protest keltirgan prokurordan yoki yuqori turuvchi prokurordan apellyatsiya protesti ish yuritishga qabul qilinganidan keyin kelib tushgan boʻlsa; 6) ishda taraf boʻlgan yuridik shaxs apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha sud hujjati qabul qilinguniga qadar tugatilgan boʻlsa; 7) ishda taraf boʻlgan fuqaro apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha sud hujjati qabul qilinguniga qadar vafot etsa, nizoli huquqiy munosabat esa huquqiy vorislikka yoʻl qoʻymasa. Apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi, unda sud xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlash toʻgʻrisidagi masala hal etiladi. Apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritish tugatilgan taqdirda, ayni bir shaxsning ayni shu asoslar boʻyicha apellyatsiya shikoyati (protesti) bilan sudga takroran murojaat qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.