Fuqarolik protsessual kodeksi 393-modda. Apellyatsiya shikoyatini (protestini) toʻldirish, oʻzgartirish, shikoyatdan voz kechish va protestni qaytarib olish

Apellyatsiya shikoyati bergan shaxs apellyatsiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar shikoyatni toʻldirishga, oʻzgartirishga yoki undan voz kechishga haqli. Apellyatsiya protesti keltirgan prokuror, shuningdek yuqori turuvchi prokuror apellyatsiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar protestni toʻldirishga, oʻzgartirishga yoki qaytarib olishga haqli. Shikoyatdan voz kechilganda va protest qaytarib olingan taqdirda, apellyatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi hamda unga koʻra apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatadi. Apellyatsiya shikoyati (protesti) rad etilganligi (qaytarib olinganligi) sababli mazkur shikoyat (protest) boʻyicha apellyatsiya tartibida ish yuritishning tugatilishi, agar tegishli sud qarori ustidan boshqa shaxslar tomonidan shikoyat qilingan boʻlsa, boshqa apellyatsiya shikoyatlarini (protestini) koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi.