Taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, bundan tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizolar mustasno, sudning qonuniy kuchga kirgan va apellyatsiya tartibida koʻrilmagan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ustidan kassatsiya shikoyati berishi mumkin. Prokuror, yuqori turuvchi prokuror prokurorning ishtirokida koʻrilgan ish boʻyicha, shuningdek ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning murojaati mavjud boʻlgan taqdirda birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan va apellyatsiya tartibida koʻrilmagan sud hujjati ustidan kassatsiya protesti keltirishga haqli.