Fuqarolik protsessual kodeksi 406-modda. Kassatsiya shikoyatining (protestining) mazmuni

Kassatsiya shikoyatida (protestida) quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: 1) shikoyat (protest) yoʻllanayotgan kassatsiya instansiyasi sudining nomi; 2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili); 3) ishning raqami, shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) hal qiluv qarori, ajrim, qaror qabul qilingan sana va ushbu sud hujjatini qabul qilgan sud; 4) hal qiluv qarorining, ajrimning, qarorning notoʻgʻriligi nimadan iborat ekanligi; 5) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosi; 6) shikoyatga (protestga) ilova qilingan yozma materiallarning roʻyxati. Kassatsiya shikoyatini shikoyat berayotgan shaxs yoki uning vakili imzolaydi. Kassatsiya protesti protest keltirgan prokuror yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolangan boʻlishi kerak. Kassatsiya shikoyatida (protestida) shikoyatni (protestni) bergan shaxsning yoxud uning vakilining telefonlari va fakslari raqamlari, elektron pochta manzili koʻrsatilishi mumkin.