Kassatsiya shikoyatiga quyidagilar ilova qilinadi: davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat; kassatsiya shikoyati vakil tomonidan imzolangan hollarda, uni imzolashga vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat. Kassatsiya shikoyati (protesti) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab koʻchirma nusxalari bilan birga sudga taqdim etiladi, bundan elektron hujjat tarzida yuboriladigan kassatsiya shikoyati (protesti) mustasno. Zarur hollarda, sudya kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs zimmasiga kassatsiya shikoyatiga (protestiga) ilova qilingan yozma materiallarning koʻchirma nusxalarini ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab taqdim etish majburiyatini yuklatishi mumkin. Prokurorning ishtirokisiz koʻrilgan ish boʻyicha kassatsiya protestiga ushbu Kodeks 403-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning mazkur protestni keltirishga asos boʻlib xizmat qilgan murojaatining koʻchirma nusxasi ilova qilinadi, bundan qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan boʻlib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan koʻrilgan ishlar mustasno. Sudning arizani qaytarish haqidagi yoki arizani qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan kassatsiya shikoyatiga (protestiga) qaytarilgan ariza va unga qoʻshib berilgan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak. Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi gʻayriqonuniy ravishda bekor qilinganda yoki xodim bir ishdan boshqa ishga gʻayriqonuniy ravishda oʻtkazilganida uni ilgarigi ishiga tiklash toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) ushbu qarorning ijrosiga doir hujjat ilova qilingan taqdirdagina qabul qilinadi.