Kassatsiya shikoyati bergan shaxs kassatsiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar shikoyatni toʻldirishga, oʻzgartirishga yoki undan voz kechishga haqli. Kassatsiya protesti keltirgan prokuror, shuningdek yuqori turuvchi prokuror kassatsiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar protestni toʻldirishga, oʻzgartirishga yoki qaytarib olishga haqli. Shikoyatdan voz kechilgan va protest chaqirib olingan taqdirda, kassatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqarib, kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatadi. Kassatsiya shikoyatidan (protestidan) voz kechilganligi (uning chaqirib olinganligi) sababli u boʻyicha ish yurituvning tugatilishi, agar sud hujjati ustidan boshqa shaxslar tomonidan shikoyat qilingan boʻlsa, boshqa kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi.