Taftish tartibida shikoyat (protest) berilganidan keyin daʼvogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi, javobgarning daʼvogar talablarini tan olishi va taraflarning kelishuv bitimi tuzishi yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida taftish instansiyasi sudiga topshirilishi kerak. Agar ishning muhokamasi vaqtida daʼvogar arz qilingan talablaridan voz kechsa, javobgar bildirilgan talablarni tan olsa yoki taraflar kelishuv bitimi tuzsa, bu haqda sud majlisining bayonnomasiga yozib qoʻyiladi. Taftish instansiyasi sudi daʼvodan voz kechishni qabul qilishdan yoki kelishuv bitimini tasdiqlashdan oldin ishda ishtirok etuvchi shaxslarga bunday protsessual harakatlarning oqibatlarini tushuntiradi. Daʼvogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi qabul qilingan yoki taraflarning kelishuv bitimi tasdiqlangan taqdirda taftish instansiyasi sudi hal qiluv qarorini bekor qiladi va ish yuritishni tugatadi. Agar daʼvogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi yoki taraflarning kelishuv bitimi qonunga zid boʻlsa yoxud boshqa birovning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan boʻlsa, sud voz kechishni qabul qilmaydi yoki tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etadi hamda ishni taftish tartibida koʻradi.