Quyidagilar: 1) Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati — tegishli fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan va apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud hujjatlari ustidan berilgan; 2) Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi — hududiy harbiy sudlar tomonidan birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan va apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud hujjatlari ustidan berilgan; 3) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati: Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudida apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida koʻrilgan tegishli fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, hududiy harbiy sudlar tomonidan birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan sud hujjatlari ustidan berilgan; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan va apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud hujjatlari ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyatlarni (protestlarni) koʻrib chiqadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha qabul qilingan sud hujjatlari ustidan keltirilgan protesti Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan koʻriladi.