Kassatsiya instansiyasining sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha quyidagilarga haqli: 1) hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni oʻzgarishsiz qoldirishga; 2) hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni toʻliq yoki qisman bekor qilishga va yangi hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror qabul qilishga; 3) hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni toʻliq yoki qisman oʻzgartirishga; 4) hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va ushbu Kodeksda koʻrsatilgan asoslarga koʻra arizani koʻrmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni toʻliq yoki qisman tugatishga; 5) agar ish sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda koʻrilgan boʻlsa, hal qiluv qarorini, ajrimni bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga. Ushbu Kodeks 372²-moddasi birinchi qismining 4-bandida va 372⁴-moddasi ikkinchi qismining 2 va 4-bandlarida nazarda tutilgan asoslar aniqlanganda, kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻradi. Ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrishga oʻtish haqida ajrim chiqarilib, unda bajarilishi lozim boʻlgan harakatlar koʻrsatiladi.