Fuqarolik protsessual kodeksi 451-modda. Ijro varaqasini ijroga taqdim etish muddati

Sudning hal qiluv qarori majburiy tartibda ijro etish uchun, agar qonunda boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, u qonuniy kuchga kirgan paytdan eʼtiboran uch yil ichida taqdim etilishi mumkin. Davriy toʻlovlarni undirish uchun berilgan ijro varaqalari bu toʻlovlar undiriladigan butun davr ichida ijroga taqdim etilishi mumkin. Ijro varaqasi ijroga taqdim etilguniga qadar oʻtgan vaqt uchun davriy toʻlovlar ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatlar doirasida undiriladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatlarning oʻtishi har bir toʻlov muddati tugagan kundan eʼtiboran boshlanadi. Agar sud tomonidan ijro varaqasi berilguniga qadar sud hujjatining ijrosi kechiktirilgan yoki boʻlib-boʻlib ijro etilishiga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, unda ijro varaqasini taqdim etish muddati qaysi vaqtdan boshlanishi koʻrsatiladi.