Fuqarolik protsessual kodeksi 49-modda. Nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar

Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar, agar ish boʻyicha qabul qilinadigan hal qiluv qarori ularning taraflardan biriga nisbatan boʻlgan huquqlariga yoki majburiyatlariga taʼsir etadigan boʻlsa, sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar daʼvogar yoki javobgar tarafida ishga kirishishi mumkin. Ular taraflarning, prokurorning, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomasi boʻyicha yoxud sudning tashabbusi bilan ham ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar taraflarning protsessual huquqlaridan foydalanadi va ularning protsessual majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi, bundan arz qilingan talablarning asosini yoki predmetini oʻzgartirish, miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish, ulardan voz kechish huquqi mustasno. Agar nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs oʻz harakatlari yoki harakatsizligi oqibatida daʼvogarning huquqlari buzilganligi toʻgʻrisida arz qilingan talablarni tan olgan taqdirda, sud majburiyatni bajarishni uchinchi shaxs zimmasiga yuklatish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilishga haqli. Xuddi shunday hollarda, daʼvogar va mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs oʻrtasida kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzilishiga yoʻl qoʻyiladi. Agar nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs ishga sud muhokamasi boshlangandan soʻng kirishgan boʻlsa, ishni koʻrish boshidan boshlanadi.