Fuqarolik protsessual kodeksi 52-modda. Boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qilayotgan davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va ayrim fuqarolarning protsessda ishtirok etishi

Davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va ayrim fuqarolar qonunda nazarda tutilgan hollarda, boshqa shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun sudga ariza bilan murojaat etish huquqiga ega. Davlat boshqaruvi organlari oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish, fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlari, erkinliklari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida ish yuzasidan xulosalar berish uchun sud tomonidan sud protsessida ishtirok etishga jalb qilinishi yoki oʻz tashabbusi bilan protsessga kirishishi mumkin.