Guvoh sifatida chaqirilgan shaxs sudga kelishi va toʻgʻri koʻrsatuvlar berishi shart. Agar guvoh sud uzrsiz deb topgan sabablarga koʻra sud chaqiruvi boʻyicha kelmasa, shuningdek koʻrsatuvlar berishdan boʻyin tovlasa, u ushbu Kodeksning 146-moddasida belgilangan tartibda jarimaga tortilishi mumkin. Jarima solinishi guvohni sudga kelish va koʻrsatuvlar berish majburiyatidan ozod etmaydi. Bila turib yolgʻon koʻrsatuvlar berganlik uchun guvoh Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238-moddasiga muvofiq javobgar boʻladi.