Fuqarolik protsessual kodeksi 59-modda. Ekspertning huquqlari

Ekspert: ekspertiza predmetiga oid ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur maʼlumotlarni yozib olish yoki nusxa koʻchirish; joyida koʻzdan kechirishda ishtirok etish va ekspertizani oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar va tekshirish obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish; sud muhokamasida ekspertiza predmetiga taalluqli dalillarni tekshirishda ishtirok etish hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va guvohlarga sudning ruxsati bilan savollar berish; ashyoviy, yozma, raqamli dalillar va hujjatlarni koʻzdan kechirish; oʻz xulosasida nafaqat oʻzining oldiga qoʻyilgan savollar boʻyicha, balki ekspertiza predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar boʻyicha ham fikrlarini bayon etish; uning xulosasi yoki koʻrsatuvlari ishda ishtirok etuvchi shaxslar va guvohlar tomonidan notoʻgʻri talqin qilinganligi xususida sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim boʻlgan bayonotlar berish; agar u sud muhokamasi yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, oʻz ona tilida xulosa taqdim etish va koʻrsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish; agar ishni yuritayotgan sudning qarorlari, sudyaning harakatlari (harakatsizligi) ekspertning huquq va erkinliklarini buzayotgan boʻlsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish; ekspertiza oʻtkazilishi vaqtida qilingan xarajatlarni undirish huquqiga ega. Agar ekspert qoʻyilgan savollarni oʻzining maxsus bilimlari asosida hal qilib boʻlmasligiga yoki oʻziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni toʻldirib boʻlmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qoʻyilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yoʻqligi toʻgʻrisida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni ekspertizani tayinlagan sudga yuboradi.