Fuqarolik protsessual kodeksi 6-modda. Sud hujjatlari

Sud koʻrilayotgan va hal etilayotgan masala boʻyicha hal qiluv qarori, ajrim, qaror va buyruq qabul qiladi. Birinchi instansiya sudi ishni mazmunan koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarori qabul qiladi, ushbu Kodeksning 18-bobida nazarda tutilgan hollarda esa sud buyrugʻi qabul qiladi. Apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudi ishni koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqaradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati ishni taftish tartibida koʻrish natijalari boʻyicha qaror chiqaradi. Sud qonunda oʻzining vakolatiga kiritilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish natijalari boʻyicha qaror chiqaradi. Sud ish mazmunan hal etilmaydigan masalalarni koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqaradi.