Fuqarolik protsessual kodeksi 60-modda. Ekspertning majburiyatlari va javobgarligi

Ekspert: ushbu Kodeksning 22-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda oʻzini oʻzi rad etishi haqida darhol arz qilishi; oʻziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va toʻliq tekshirishdan oʻtkazishi, oʻz oldiga qoʻyilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona yozma xulosa berishi; sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun sudning chaqiruviga binoan kelishi; oʻzi oʻtkazgan ekspertiza xususida koʻrsatuvlar berishi va oʻzi bergan xulosani tushuntirish uchun qoʻshimcha savollarga javob berishi; ekspertizani oʻtkazishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi; taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarining saqlanishini taʼminlashi; sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya qilishi shart. Ekspert xulosa berishdan asossiz ravishda bosh tortganligi uchun, shuningdek, agar sud uzrsiz deb topgan sabablarga koʻra sudning chaqiruvi boʻyicha kelmasa, ushbu Kodeksning 146-moddasida belgilangan tartibda jarimaga tortiladi. Jarima solinishi ekspertni sudga kelish va xulosa berish majburiyatidan ozod etmaydi. Bila turib yolgʻon xulosa berganlik, yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganlik uchun ekspert Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238 , 239-moddalariga muvofiq javobgar boʻladi.