Ishda ishtirok etmayotgan fuqarolar va tashkilotlar sud talab qilayotgan yozma dalillarni taqdim etish imkoniga ega boʻlmasa, bu haqda sudni xabardor qilib, sababini koʻrsatishi shart. Agar shaxs, sud undan talab qilayotgan yozma dalilni taqdim etish yoki sud tomonidan belgilangan muddatda taqdim etish imkoniyatiga ega boʻlmasa, u sudning soʻrovini olgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddat ichida buning sabablarini koʻrsatgan holda sudni xabardor qilishi shart. Sud xabardor qilinmagan taqdirda, shuningdek yozma dalilni taqdim etish uzrli sabablarsiz rad qilingan taqdirda, sud tashkilotlarning aybdor mansabdor shaxslariga, shuningdek fuqarolarga ushbu Kodeksning 146-moddasida belgilangan tartibda jarima soladi. Jarima solinishi tegishli mansabdor shaxslarni va fuqarolarni sud talab qilayotgan yozma dalilni taqdim etish majburiyatidan ozod qilmaydi.