Garov toʻgʻrisida 28-modda. Garovga oluvchining garov narsasi yoʻqolgani, yetishmasligi yoki shikastlangani uchun javobgarligi

1. Garovga oluvchi, agar yoʻqotish, kamomad yoki shikastlanish uning aybi boʻlmagani holda sodir boʻlganini isbotlay olmasa, garov narsasining yoʻqolgani, yetishmasligi yoki shikastlangani uchun javob beradi. Agar garovxona yoki mol-mulk zakalati uchun qarz berish faoliyat sohasi hisoblanuvchi boshqa tashkilot garovga oluvchi boʻlsa, garovga oluvchi garov narsasining yoʻqolishi, kamomadi yoki shikastlanishi bartaraf qilib boʻlmaydigan kuchlar taʼsiridan qasd qilish yoki garovga qoʻyuvchining oʻta ehtiyotsizligi oqibatida sodir boʻlganini isbotlagan taqdirdagina javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. 2. Garovga oluvchi zakalat chogʻida zakalat narsasi yoʻqolgani va kamomadi uchun yoʻqolgan (etishmagan) narsaning qiymati miqdorida, zakalat narsasi shikastlangani uchun esa qoʻyilgan ashyoning qiymati qanchaga pasaygan boʻlsa, shuncha summa miqdorida javobgar boʻladi. Agar ashyoni zakalatga qabul qilib olishda zakalat narsasi baholangan boʻlsa, garovga oluvchining javobgarligi koʻrsatilgan bahodan ortiq boʻlmasligi lozim. Garovga oluvchi zakalat narsasi yoʻqolgani, kamomadi yoki shikastlanishi tufayli koʻrilgan zararni, agar bu qonunlarda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, garovga qoʻyuvchiga toʻliq hajmda qoplanishi shart.