Garov toʻgʻrisida 37-modda. Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomaning shakli va uni roʻyxatdan oʻtkazish

1. Ipoteka shartnomasi ushbu Qonunning 11-moddasida belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi. 2. Agar shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, notarial idora shartnomani tasdiqlash bilan bir paytda ipoteka narsasini tasarrufdan chiqarishni taqiqlab qoʻyadi. 3. Ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat mazmuni oʻzgartirilgan, keyingi ipotekada, shuningdek ipoteka narsasiga boʻlgan mulk huquqi (toʻliq xoʻjalik tasarrufi yoki bevosita boshqaruvi) garovga qoʻyuvchidan boshqa shaxsga oʻtganida qoʻshimcha ravishda roʻyxatdan oʻtkaziladi. Mazkur talabning buzilishi majburiyatda amalga oshirilgan oʻzgartishlar haqiqiy emas deb topilishiga sabab boʻladi. 4. Ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat qarzdor tomonidan bajarilganida, garovga oluvchi garovga qoʻyuvchining talabiga binoan ipotekani roʻyxatdan oʻtkazgan idoraga roʻyxat daftariga tegishli oʻzgartishlarni kiritish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni taqdim etishi shart. Garovga oluvchi mazkur talabni bajarmagan hollarda garovga qoʻyuvchi undan oʻziga yetkazilgan zararni toʻliq hajmda qoplashni talab qilishga haqlidir.