Garov toʻgʻrisida 43-modda. Korxonalar ipotekasi xususiyatlari

1. Jamoa (shirkat) mulkiga, shuningdek fuqarolarning mulkiga asoslangan korxonalarni ipotekaga berish korxonaning oʻzi tomonidan amalga oshiriladi. 2. Toʻliq xoʻjalik tasarrufi huquqiga asoslangan korxonalar ipotekasi korxona mulkdorining roziligi bilan ana shu korxona tomonidan amalga oshiriladi. 3. Agar qonunda yoki shartnomada oʻzgacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, korxona ipotekasi uning barcha mol-mulkini, shu jumladan asosiy fondlar va dastmoya mablagʻlarni, shuningdek korxonaning mustaqil balansida aks etgan boshqa boyliklarni oʻz ichiga oladi. 4. Garovga qoʻyuvchi korxona garovga oluvchining talabiga binoan unga yillik balansni taqdim etishi shart. 5. Korxona ipotekasi bilan taʼminlangan majburiyat bajarilmagan taqdirda garovga oluvchi korxonaning moliyaviy ahvolini sogʻlomlashtirish yuzasidan ipoteka shartnomasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni koʻrishga, shu jumladan korxona boshqaruvi tarkibiga ishlab chiqarilgan mahsulotni hamda korxonaning boshqa mol-mulkini tasarruf etish huquqi cheklangan vakillar tayinlashga haklidir. 6. Ushbu moddaning 5-bandida nazarda tutilgan choralar kutilgan natijalarni bermagan holda garovga oluvchi undirishni ipotekada turgan korxonaga qaratishga haqlidir. Agar shartnomada yoki qonunda nazarda tutilgan boʻlsa, korxona garovga oluvchiga oʻtadi. Bu holda ipoteka narsasining uzil-kesil bahosi korxonaning oʻtish paytida, garovga qoʻyuvchi va garovga oluvchi oʻrtasidagi kelishuviga binoan belgilanadi, nizo paydo boʻlganda esa sud yoki xoʻjalik sudining qaroriga binoan belgilanadi.