Garov toʻgʻrisida 64-modda. Garovga oluvchining va garovga qoʻyuvchining garovga qoʻyilgan mol-mulkka boʻlgan huquqlarini qonunda nazarda tutilgan asoslarga binoan toʻxtatishda garovga oluvchining manfaatlarini himoya qilish

1. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan garov huquqini yoxud garovga qoʻyuvchining garovga qoʻyilgan mol-mulkka boʻlgan huquqini toʻxtatuvchi qonunlar qabul qilingan taqdirda, bu hujjatlar qabul qilinishi natijasida garovga oluvchiga yetkazilgan zarar qiymati unga Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan toʻliq hajmda toʻlanadi. Zarar qiymatini toʻlashga doir nizolar sud tomonidan hal qilinadi. 2. Davlat tomonidan davlat mulkiga aylantirish, qiymatini toʻlash sharti bilan davlat ixtiyoriga olish kabi mol-mulk yoki huquqlarni majburan tortib olish choralari, shuningdek oʻz oqibatlariga koʻra shunga oʻxshash choralar koʻrilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi shu choralarni amalga oshirish natijasida garovga oluvchiga yetkazilgan zarar qiymatini toʻlaydi. 3. Davlat idorasining garovga qoʻyilgan mol-mulkni yoki garovga qoʻyilgan huquqlarni bevosita olib qoʻyishga qaratilmagan qarori, shu jumladan garovga qoʻyilgan uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarori munosabati bilan garovga qoʻyilgan mol-mulkka boʻlgan mulkiy huquq toʻxtatilgan yoki garovga qoʻyilgan huquqlar toʻhtatilgan hollarda, bu qaror tufayli garovga oluvchi koʻrgan zarar qiymati unga toʻliq hajmda toʻlanadi. Zarar qiymatini toʻlashga doir nizolar sud yoki xoʻjalik sudi tomonidan hal qilinadi.