1. Garov shartnomasidagi tomonlarning huquq va majburiyatlari, shartnomaning shakli, u qayerda tuzilgan boʻlsa, shu mamlakat qonunlari bilan yoki garov toʻgʻrisidagi shartnomani tuzish chogʻida tomonlarning oʻzi tanlangan mamlakatning qonunlari bilan yoxud tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan belgilanadi. 2. Garov toʻgʻrisidagi shartnomaga nisbatan huquq qoʻllash borasida tomonlar oʻrtasida bitim boʻlmagan taqdirda, garovga qoʻyuvchi qaysi mamlakatda taʼsis etilgan boʻlsa, oʻz turar joyiga yoki asosiy faoliyat joyiga ega boʻlsa, ana shu mamlakat qonunlari qoʻllaniladi. 3. Muayyan mol-mulk yoki huquqning garov shartnomasining obyekti boʻla olishi yoki boʻla olmasligi tegishli ravishda mol-mulkka mulkdorlik huquqlarini tartibga soluvchi qonunlar bilan hamda shu huquq yuzaga kelgan huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar bilan belgilab qoʻyiladi. 4. Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan imoratlar, binolar, inshootlar va boshqa koʻchmas mol-mulkning garovi toʻgʻrisidagi shartnoma shakli, shuningdek unga boʻlgan huquqlar shakli Oʻzbekiston Respublikasida taʼsis etilgan, turar joyi yoki asosiy faoliyat joyiga ega boʻlgan garovga qoʻyuvchi tomonidan tuzilgan muomaladagi mol-mulk garovi shartnomasining shakli Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari bilan belgilanadi.