Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bogʻliq xarajatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi: hakamlik sudyalarining gonorari; hakamlik muhokamasini tashkiliy, moddiy jihatdan va boshqacha tarzda taʼminlash xarajatlari; hakamlik sudyalarining hakamlik muhokamasida ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlari, shu jumladan nizoni koʻrib chiqish joyiga borib kelish uchun toʻlanadigan yoʻl haqi xarajatlari; hakamlik sudyalarining ashyoviy, yozma va raqamli dalillarni mazkur dalillar turgan joyda koʻzdan kechirish hamda tekshirish bilan bogʻliq xarajatlari; ekspertlar va tarjimonlarga toʻlanishi lozim boʻlgan summalar; guvohlar tomonidan sarflangan xarajatlar; hakamlik sudining hal qiluv qarori taraflardan qaysi birining foydasiga chiqarilgan boʻlsa, oʻsha taraf vakilining xizmatlari haqini toʻlash xarajatlari; hakamlik sudi tomonidan belgilanadigan boshqa xarajatlar. Agar hakamlik muhokamasi taraflarining ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xarajatlarni qilishi hakamlik muhokamasi qoidalarida belgilanmagan boʻlsa, bunday xarajatlar hakamlik sudi xarajatlari tarkibiga kiritiladi.