Agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan boʻlsalar, hakamlik sudi nizo boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilguniga qadar javobgar dastlabki daʼvo bilan birga koʻrib chiqish uchun daʼvogarga qarshi daʼvo taqdim etishga haqlidir. Qarshi daʼvo va unga eʼtirozlar taqdim etish ushbu Qonunning 29 va 30-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi. Qarshi daʼvo quyidagi hollarda dastlabki daʼvo bilan birga koʻrib chiqilishi mumkin: 1) qarshi daʼvo dastlabki daʼvoni hisobga olishga qaratilgan boʻlsa; 2) qarshi daʼvoning qanoatlantirilishi dastlabki daʼvoni qanoatlantirishni toʻliq yoki qisman mumkin boʻlmaydigan qilib qoʻysa; 3) qarshi daʼvo bilan dastlabki daʼvo oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlik boʻlib, ularni birgalikda koʻrib chiqish nizoni tezroq va toʻgʻriroq hal qilishga olib kelsa.