Hakamlik sudi nizo holatlari tekshirilganidan soʻng hakamlik sudi tarkibiga kiruvchi hakamlik sudyalarining koʻpchilik ovozi bilan hal qiluv qarori qabul qiladi. Hal qiluv qarori hakamlik sudining majlisida eʼlon qilinadi. Hakamlik sudi hal qiluv qarorining faqat xulosa qismini eʼlon qilishga haqli. Bunday holda asoslantirilgan hal qiluv qarori hal qiluv qarorining xulosa qismi eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay hakamlik muhokamasi taraflariga yuborilishi kerak. Hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi. Hakamlik sudi, agar zarur deb topsa, hal qiluv qarori qabul qilishni kechiktirishga hamda hakamlik muhokamasini qaytadan boshlashga haqli boʻlib, ushbu Qonunning 34-moddasida va 35-moddasining toʻrtinchi qismida belgilangan tartibda hakamlik muhokamasi taraflariga bu haqda xabar beriladi. Agar kelishuv bitimi qonunchilikka zid boʻlmasa hamda boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasa, hakamlik sudi hakamlik muhokamasi taraflarining iltimosnomasiga binoan kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi. Kelishuv bitimining mazmuni hakamlik sudining hal qiluv qarorida bayon qilinadi.