Hakamlik sudlari toʻgʻrisida 51-modda. Ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza

Ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi birining foydasiga chiqarilgan boʻlsa, oʻsha taraf tomonidan vakolatli sudga beriladi. Ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi: hakamlik sudi hal qiluv qarorining tasdiqlangan nusxasi. Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining hal qiluv qarori nusxasi mazkur hakamlik sudining raisi tomonidan tasdiqlanadi, muvaqqat hakamlik sudi hal qiluv qarorining nusxasidagi hakamlik sudyasining imzosi notarial tartibda tasdiqlanishi kerak; ushbu Qonunning 12 va 13-moddalari qoidalariga muvofiq tuzilgan hakamlik bitimi nusxasi; ariza nusxasi hakamlik muhokamasining boshqa ishtirokchilariga topshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar. Ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza hakamlik sudi hal qiluv qarorini ixtiyoriy ijro etish muddati tugagan kundan eʼtiboran olti oydan kechiktirmay berilishi mumkin. Mazkur muddat vakolatli sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan taqdirda, oʻtkazib yuborilgan muddat tiklanishi mumkin. Belgilangan muddat oʻtkazib yuborilgan yoki zarur hujjatlar ilova qilinmagan holda topshirilgan ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza vakolatli sud tomonidan koʻrib chiqilmasdan qaytariladi va bu haqda ajrim chiqariladi, mazkur ajrim ustidan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida yoki Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.