Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan tashkil etiladi va uning huzurida faoliyat koʻrsatadi. Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi nodavlat notijorat tashkiloti doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudini tashkil etish haqida qaror qabul qilganida, doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalarini va kamida uch nafardan iborat hakamlik sudyalari roʻyxatini tasdiqlaganida tashkil etilgan deb hisoblanadi. Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudini tashkil etgan nodavlat notijorat tashkiloti uning tashkil etilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar nusxalarini hakamlik sudi joylashgan yerdagi adliya organiga yuboradi. Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi oʻz nomi yozilgan blanka va yumaloq muhrga, Oʻzbekiston Respublikasi hududida hisob-kitob varaqlari, valyuta hisobvaraqlariga hamda boshqa bank hisobvaraqlariga ega boʻlishi mumkin. Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi faoliyatini tugatish tartibi doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalari bilan belgilanadi.