Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida 10-modda. Ichki ishlar organi xodimi qonuniy talablari bajarilishining majburiyligi

Ichki ishlar organi xodimining oʻz vakolatlari doirasida qoʻyilgan qonuniy talablarini, shu jumladan qonunga rioya etish, hujjatlarni, tekshiruvlar materiallarini va boshqa maʼlumotlarni taqdim etish, mutaxassis ajratish, ichki ishlar organiga kelish hamda aniqlangan qonunbuzarliklar xususida tushuntirishlar berish toʻgʻrisidagi, qoidabuzarliklarni, shuningdek ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish haqidagi qonuniy talablarini barcha davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir. Ichki ishlar organlarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan axborot, hujjatlar va boshqa materiallar ularning qonuniy talabi boʻyicha bepul taqdim etiladi. Ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablari ustidan shikoyat qilinishi ularning bajarilishini toʻxtatib turmaydi.