Ichki ishlar organlari oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida, qonunchilikda belgilangan tartibda davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi hamda aniqlangan jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklarga oid mavjud materiallar toʻgʻrisidagi axborotni almashishni, shu jumladan elektron shaklda almashishni, shuningdek boshqa axborotni almashishni amalga oshiradi. Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda, jamoat tartibini saqlash, jamoat xavfsizligini taʼminlashda, jinoyatlar va maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga chek qoʻyish, ularni fosh etishda, jinoyat ishlarini tergov qilishda, jinoyatchilarni qidirishda, bedarak yoʻqolganlarning turgan joyini aniqlashda, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasida ichki ishlar organlariga oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashishi shart.