Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida 12-modda. Fan yutuqlaridan, zamonaviy texnologiyalardan va axborot tizimlaridan foydalanish

Ichki ishlar organlari oʻz faoliyatida fan yutuqlaridan, zamonaviy texnologiyalardan va axborot tizimlaridan foydalanadi. Ichki ishlar organlari jismoniy va yuridik shaxslarga ushbu organlarning vakolatlariga taalluqli elektron davlat xizmatlari koʻrsatilishini, shuningdek hujjatlarni qabul qilish va roʻyxatga olishning, davlat xizmatlari koʻrsatish jarayoni toʻgʻrisidagi xabarnomalarning elektron shakllari qoʻllanilishini qonunchilikka muvofiq taʼminlaydi. Ichki ishlar organlari jamoat tartibini, jamoat xavfsizligini taʼminlashda, jinoyatlar, maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olishda, ularni aniqlashda, ularga chek qoʻyishda, ularni fosh etishda, tergov qilishda hamda jinoyatlar, maʼmuriy huquqbuzarliklarning sodir etilishi holatlarini, hodisalar holatlarini hujjatlashtirishda, shu jumladan jamoat joylarida, shuningdek oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlarini qayd etish uchun texnik vositalardan, shu jumladan audio-, foto- va video qayd etish vositalaridan foydalanishi mumkin. Ichki ishlar organlarida davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni muhofaza qilish, shu jumladan kriptografik vositalarni qoʻllagan holda texnik jihatdan muhofaza qilish taʼminlanadi.