Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida 34-modda. Ichki ishlar organlari xodimlarini huquqiy himoya qilish kafolatlari

Ichki ishlar organi xodimi davlat organi vakili sifatida ish yuritadi va davlat himoyasi ostida boʻladi. Ichki ishlar organi xodimi xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida faqat bevosita yoki toʻgʻridan-toʻgʻri boshliqqa boʻysunadi. Qonun bilan vakolat berilgan shaxslardan tashqari hech kim ichki ishlar organi xodimining qonuniy faoliyatiga aralashish, ichki ishlar organi xodimini qonun bilan ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilmagan majburiyatlarni bajarishga majburlash huquqiga ega emas. Qonunga zidligi aniq boʻlgan buyruq yoki farmoyish olganda ichki ishlar organi xodimi uni bajarishni rad etish huquqiga ega va qonunga amal qilishi shart. Ichki ishlar organi xodimi oʻz ish yurituvida boʻlgan ishlar va materiallarning mohiyati haqida biror-bir tushuntirish berishga, shuningdek bunday ishlar va materiallarni, shu jumladan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor ishlar hamda materiallarni tanishib chiqish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan boshqacha tarzda taqdim etishga majbur emas. Ichki ishlar organlarining xodimlari oʻziga nisbatan qabul qilingan qarorlar va harakatlar (harakatsizlik) ustidan yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga, prokurorga yoki sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.