Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan mol-mulk, agar ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ipotekaga qoʻyuvchi tomonidan sotish, hadya etish, ayirboshlash orqali yoki oʻzgacha usulda faqat ipotekaga oluvchining roziligi bilan tasarrufdan chiqarilishi mumkin. Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan mol-mulk ipotekaga oluvchining roziligisiz tasarrufdan chiqarilgan taqdirda, agar ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa yoki agar ipotekaga qoʻyuvchining bunday huquqi garov xatida nazarda tutilmagan boʻlsa, ipotekaga oluvchi oʻz tanloviga koʻra: garovga qoʻyilgan mol-mulkning tasarrufdan chiqarilishi toʻgʻrisidagi bitimni haqiqiy emas deb topishni; ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishini va kimga tegishliligidan qatʼi nazar, undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishni talab qilishga haqlidir. Bu holda, agar ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan mol-mulkni oluvchi uni olayotgan paytda mol-mulk ushbu moddaning birinchi qismi talablari buzilgan holda tasarrufdan chiqarilayotganligini bilganligi yoki bilishi lozim ham boʻlganligi isbotlansa, bunday oluvchi ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat bajarilmaganligi uchun shu majburiyat boʻyicha mazkur mol-mulk qiymati doirasida qarzdor bilan solidar javobgar boʻladi. Agar garovga qoʻyilgan mol-mulk koʻrsatilgan talablar ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat boʻyicha qarzdor boʻlmagan ipotekaga qoʻyuvchi tomonidan buzilgan holda tasarrufdan chiqarilgan boʻlsa, mol-mulkni oluvchi ham, dastlabki ipotekaga qoʻyuvchi ham bu qarzdor bilan solidar javobgar boʻladilar. Ipotekaga qoʻyuvchi garovga qoʻyilgan mol-mulkni vasiyat qilishga haqli. Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma yoki boshqa bitimning ipotekaga qoʻyuvchining bu huquqini cheklaydigan shartlari oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.