Bir majburiyat bajarilishini taʼminlash uchun ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan mol-mulk (oldingi ipoteka) oʻsha yoki oʻzga qarzdorning boshqa majburiyati bajarilishini taʼminlash uchun oʻsha ipotekaga oluvchining oʻziga yoxud boshqa ipotekaga oluvchiga garovga berilishi mumkin (navbatdagi ipoteka). Ipotekaga oluvchilar navbati ipoteka binolar (inshootlar) garovi davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilgan sana va vaqtga binoan, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan belgilanadi. Navbatdagi ipotekaga, agar u oʻsha mol-mulk ipotekasi haqidagi, amal qilishi ipoteka toʻgʻrisidagi navbatdagi shartnoma tuzilayotgan paytda tugamagan oldingi shartnomalarda taqiqlanmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi. Agar ipoteka toʻgʻrisidagi oldingi shartnomada ipoteka toʻgʻrisida navbatdagi shartnomani tuzish mumkin boʻlgan shartlar nazarda tutilgan boʻlsa, bunday shartnoma ana shu shartlarga rioya etilgan holda tuzilishi kerak. Ipoteka toʻgʻrisidagi oldingi shartnomada belgilangan taqiqqa qaramay tuzilgan ipoteka toʻgʻrisidagi navbatdagi shartnoma shu shartnoma boʻyicha ipotekaga oluvchi bunday taqiqni bilmaganligidan qatʼi nazar, oldingi shartnoma boʻyicha ipotekaga oluvchining daʼvosiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Agar navbatdagi ipoteka taqiqlanmagan, lekin ipoteka toʻgʻrisidagi navbatdagi shartnoma oldingi shartnomada uning uchun nazarda tutilgan shartlar buzilgan holda tuzilgan boʻlsa, ipotekaga oluvchining navbatdagi shartnoma boʻyicha talablari ipoteka toʻgʻrisidagi oldingi shartnoma shartlariga muvofiq ularni qanday darajada qanoatlantirish mumkin boʻlsa, shunday darajada qanoatlantiriladi. Agar ipoteka toʻgʻrisidagi oldingi va navbatdagi shartnomalarda taraflar ayni oʻsha shaxslarning oʻzi boʻlsa, ushbu modda uchinchi va toʻrtinchi qismlarining qoidalari qoʻllanilmaydi. Garov xatini tuzish va berishni nazarda tutuvchi ipoteka toʻgʻrisidagi navbatdagi shartnomani tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.